Qaydasiz, onam?

(Husniddin akaning onalari Oltinoy ayaga bag'ishlanadi)

Bugun Sizni yodlab qildim tilovat,
Ollohdan so’radim – nurli joydasiz -
Ammo o’tinch menga bermas halovat
Menga o’tinch onam, bugun qaydasiz?

O’tinchimni har vaqt tinglagan Sizsiz,
Mudom kamolimni tilagan Sizsiz,
Dard kelsa boshimni silagan Sizsiz,
So’zi malham onam, bugun qaydasiz?

Sasingiz bu dardkash jonimga davo,
Ikki so’z aytsangiz, birisi – duo,
Har bir kalomingiz durdek bebaho,
Hikmat so’zli onam, bugun qaydasiz?

Duoyingiz edi ko’magim, onam,
Diydoringiz qumsar yuragim, onam,
Sog’inch dilni o’rtar, keragim onam,
Sog’inganim onam, bugun qaydasiz?

Esar daraxtlardan to’kib yaproqlar,
Yillar xotirangiz muqaddas saqlar,
Nurli suratingiz tushlarim yo’qlar,
Siyrati pok onam, bugun qaydasiz?

Olis manzilga yo’l olganingiz rost,
Xudodan tilayki – nurli joydasiz,
Mangulikka doxil bo’lganingiz rost,
Umrboqiy onam, bugun qaydasiz?

Yorliq so‘zlar: Turfa

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook