Tush-2

Quyoshli kun bo'lar. Viqorli tog'lar
Bag'rini ochadi sevinchimizga,
Batamom eriydi eski firog'lar,
Mehrlar qaytadi o'tinchimizga.

Ikkimiz boramiz qo'lga qo'l berib,
Dunyoda biz tanho bo'lamiz shu dam,
Kulamiz, shu oniy baxtga yo'l berib,
Bu onlar yodimda qoladi mahkam.
 
Birdan ko'zlarimga tikilib o'zing,
Birdan nigohingni olib qochasan,
Tilingdan uchadi "sevaman" so'zing,
Sochingni shamolga solib qochasan.
 
Alvonga belanar yuzlarim rangi,
O'zimga kelolmay turaman bir zum,
"Yugur" deb qichqirgan tole' jarangi
Qordagi izingga qo'shadi izim...

Yorliq so‘zlar: Ishq kuylari

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook