O'ksima

Ko’z yoshlaring anduhga sarf qilma, gulim,
Toki ular quvonchingni hurkitmasin,
Bu dunyoda o’zing yolg’iz bilma, gulim,
Zinhor armon yuragingni o’ksitmasin.

Senga kelgan kulfatlarni poylab turay,
Har birini yel sochiga boylab turay,
Saodating asrab yillab-oylab turay,
Biroq armon yuragingni o’ksitmasin.
 
Kunduz senga soya bergan bulut bo’lsam,
Yig’la – yomg’ir, kulsang agar xushnud bo’lsam,
Mayli, bir kun yuragingdan unut bo’lsam,
Faqat armon yuragingni o’ksitmasin.
 
Sen bir kulgin – toki dard ham kulib qo’ysin,
Shodasini kulgichingga ilib qo’ysin,
U senga bas kelolmasin bilib qo’ysin,
Lekin armon yuragingni o’ksitmasin.

Yorliq so‘zlar: Ishq kuylari

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook