Sog'inch

Sizga bisyor aytmoq bo’lganim, ammo
Tilimdan so’zlarim o’g’irlar armon,
Ko’zlarimga go’yo osmon bo’lgan jo –
Jo bo’lgan, afsuski, bulutli osmon.

Tamom o’zga korga chindan berilib,
Yuragim misoli urishdan tolgan,
Tolgan unsiz baxtdan umidlar tilab,
Mudom dard chekishga ko’nikib qolgan.
 
Ko’zlarimda armon, dilimda yomg’ir,
Bunda baland kuylar qo’shig’in sog’inch,
Uning misralari naqadar og’ir,
Uning kuylarida yig’laydi o’tinch.
 
Hasta o’rtanadi o’tinib ko’ngil,
Jonsiz o’rtanadi – sassiz-sadosiz,
Chehrasida uning kechmishi yengil,
Ammo ichda uning dardi davosiz.
 
Uzoq ro’yolardan nur sochar visol,
O’shal dam yuragim sog’inchdan tonar,
O’shal dam kalomsiz shivirlar hayol:
“Balki sog’inganing seni sog’inar…”

Yorliq so‘zlar: Ishq kuylari

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook