Tush

Quyoshli kun edi, daraxtlar qator
Atrof sukunatin qo’riqlar edi,
Toshyo’lak chetida tosh romli gulzor -
Unda rangin gullar yaraqlar edi.

Ikkimiz kezardik soya bag’rida,
Dunyoni biz tanho kezardik go’yo,
Suhbat qurar edik nelar to’g’rida –
Batafsil xotirlay olmasman aslo.
 
Birdan ko’zlarimga tikildingiz siz,
Birdan yana nigoh yerga qadaldi,
Tilingizdan uchdi “sevdim” degan so’z -
Bildimki, bu tuhfa menga ataldi.
 
Alvonga talpindi yuzlarim rangi,
Quvonchdan sakradim – samoga yetdim,
Olamga jar soldim, baxtim jarangi
G’oyat baland edi – uyg’onib ketdim…

Yorliq so‘zlar: Ishq kuylari

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook