Sevish ham sevilish

Gohida yuraging sevinchga makon,
Gohida boshingga yog’ar malomat,
Sevgi ham bir sinov, yana bir imkon,
Sevish ham g’animat, sevilish – omad.

Sevgan yuraklarda mehr barkamol,
Sevgi qudratiga bo’ysunadi vaqt,
Sevgi – ikki yoqdan esguvchi shamol,
Sevish bu nadomat, sevilish – bu baxt.
 
Sevmoq – bu osmonga uchmoq demakdir,
Har gal qayta yerga qulamoq uchun,
Sevgi – bu urishdan tongan yurakdir,
Sevish bu afyundir, sevilish – afsun.
 
Sevgi ajib dardki, tilab olingay,
Unga davo izlash – besamar tashvish,
Har qachon sevgini yuksak baxt bilay –
Sevish ham sevilish, sevilib sevish!

Yorliq so‘zlar: Ishq kuylari

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook