Sim qoqib o'qilgan she'r

Har qachon yuragim so’roqqa tutsam,
Dunyoda u faqat sizni biladi,
Bir ko’rgancha bo’lmas ming bor eshitsam -
Sevganim, men sizni ko’rgim keladi.

So’zingiz tinglashni baxt deb qo’ymagan
Yurakka ko’zlarim havas qiladi,
Ko’zlarim shuncha payt boqib to’ymagan
O’shal ko’zlaringiz ko’rgim keladi.
 
Xayriyat, qilchadek sovuq tolalar
Otash so’zlarimni elta oladi,
Lek bir bor so’z qotib dilga o’t solar
O’shal dudoqlarni ko’rgim keladi.
 
Tushlarim hech sizdan ketolmas nari,
Nahot ishqda faqat hijron bo’ladi,
Sevgi shirin azob bergani sari
Yanada kuchliroq sevgim keladi.
 
Sizni hayotimda borim deganman,
Buni faqat men va Olloh biladi,
Har bir nafasimni olar ekanman,
Sevganim, sizni bir ko’rgim keladi.

Yorliq so‘zlar: Ishq kuylari

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook