Vatan kutaverar

(xorijda yurib, Vatanimga tosh otgan yurtdoshlarimga)

Ey birodar – shaytoningga ko’p ergashma,
Millatingni xarob qilma kalomingda,
Ajnabiyga Vataningni hech tergashma,
O’z yurtingning nafasi bor salomingda.

G’oz shunchalik bo’yni uzun bo’lgan bilan,
Boshi mushtdan katta bo’lsa - ko’tarmaydi,
Okeanorti suvlariga to’ygan bilan,
Ildizidan uzoq daraxt ko’karmaydi.
 
Vatanimni o’zga yurtga solishtirma,
O’zga yurtda inson – bir so’m, qadri – tiyin,
Yurtim narxin yevrolarga olishtirma,
O’zga yurtning “o’ziniki” bo’lish qiyin.
 
Biz baxtlimiz vodiylarni yayov kezib,
Sen ferrari-toyotada yo’l talashgin –
Lek qalbingning bir chetini g’ashlik ezib,
Tashivishlaring ko’payganda – Vatan taskin.
 
Yo’rgak yechib, attapoya qilganingda
Paxsa devor tirgak bo’lgan qadamingga,
Ijara haq to’lolmayin singaningda
Beton uying yararmikan yordamingga.
 
Moviy-kulrang ko’zlaridan yo’l toyigan
Qaysi sanam sochlarini mayda o’rding,
Koyisa ham “baraka top” deb koyigan
Shirinsuhan elni yana qayda ko’rding?
 
O’zga yurtni yuragingdan suyding balki –
Vatan ishqi jigaringdan tutaverar,
Yo’ling to’siq – alamzada yursang hamki,
Vatan seni sevaverar – kutaverar…

Yorliq so‘zlar: Vatan madhi

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook