Imon

Sen aytgan soniya dunyoga keldim -
Ato etmog'ingga ishondim, Olloh,
Hayotim bag'rida o'limni bildim -
Judo etmog'ingga ishondim, Olloh.

Kimsalar qatori bo'lsam bir kimsa,
Shayton kitobida ismim yozilsa,
Gunohlar vaznidan boshim egilsa,
Afvu etmog'ingga ishondim, Olloh.
 
Sevmoq nasib etdi, sevilmoq - armon,
Shu baxtdan dardimga izladim darmon,
Sening amring shudir - men nima derman -
Yolg'iz Haqligingga ishondim, Olloh.
 
Qaddimni egmoqqa qodir hech banda,
So'zlarim o't qalar rutubat tanda,
Oh, so'zdor zabonim so'zsiz qotganda
Qodir Zotligingga ishondim, Olloh.
 
O'tkinchi dunyoga qilmayin parvo,
Azal mangulikka suribman da'vo,
Eyvoh! Yo'qlik sari bo'lganda ravo
Abad Borligingga ishondim, Olloh.

Yorliq so‘zlar: Falsafiy

Obuna bo'ling

Javlon Juraevning tarqatma xatlariga obuna bo'ling

Facebook